Kichkintoyingiz immun tizimini qanday qo‘llab-quvvatlash mumkin?
Kichkintoyingizning immun tizimini mustahkamlash yo‘llari, jumladan, ko‘krak suti bilan oziqlantirishning afzalliklari va immunitetni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatlar bilan tanishing.
Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan chaqaloq immuniteti
Ko‘krak suti kichkintoyingizning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan quvvat manbai va zarur moddalar bilan ta’minlab, uning immunitetini himoya qiladi. Ko‘krak suti tarkibida antitanachalar va sitokinlar kabi immunitet faoliyatida ishtirok etuvchi muhim oqsillar, shuningdek, kichkintoyingiz immun tizimining yetilishiga yordam beradigan “foydali bakteriyalar” mavjud.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) farzandingizni olti oygacha faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirishni, so‘ngra qo‘shimcha ovqatlar bilan birga ikki yoshgacha yoki xohishingizga ko‘ra undan ham uzoqroq muddat davomida ko‘krak suti bilan oziqlantirishni tavsiya qiladi. Ko‘krak suti bilan oziqlantirishning onalar va ularning farzandlari uchun foydali jihatlari haqida batafsil ma’lumotni shu yerda o‘qishingiz mumkin.
Kichkintoy immun tizimini qo‘llab-quvvatlovchi muhim ozuqa moddalari
Ba’zi vitaminlar, masalan, A vitamini farzandingiz immun tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur. U oq qon tanachalarining bakteriyalarga qarshi kurashishi uchun kerak bo‘ladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) quyidagilarni tavsiya qiladi:
- Agar 6 oylikkacha bo‘lgan farzandingizni ko‘krak suti bilan oziqlantirayotgan bo‘lsangiz, unga har kuni D vitamini qo‘shimchasini berishingiz lozim.
- Agar 6 oydan oshgan farzandingizni ko‘krak suti bilan oziqlantirayotgan bo‘lsangiz, unga har kuni A, C va D vitaminlari qo‘shimchalarini berishingiz lozim.
- Agar kichkintoyingiz sun’iy sutli aralashma bilan oziqlansa va kuniga 500 ml dan ortiq iste’mol qilsa, unga qo‘shimchalar berishingiz shart emas, chunki bunday aralashmalar allaqachon vitaminlar bilan boyitilgan bo‘ladi.
Kichkintoyingiz immun tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan oziq-ovqatlar
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) chaqalog‘ingizga taxminan olti oylikdan boshlab ilk qo‘shimcha ovqatlarni berishni tavsiya qiladi. Chaqalog‘ingiz tayyor bo‘lganida unga beriladigan birinchi ovqatlarning turi oziq-ovqat allergiyasining oldini olishda ahamiyatli bo‘lishi mumkin. Masalan, tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yeryong‘oq allergiyasi xavfi yuqori bo‘lgan chaqaloqlarga erta yoshdan tarkibida yeryong‘oq bo‘lgan yeguliklar berilganda, ularda yeryong‘oq allergiyasi rivojlanish ehtimoli kamaygan.
Agar chaqalog‘ingizda allergiya bo‘lishi mumkinligidan xavotirlansangiz, tibbiyot mutaxassisi bilan maslahatlashing. Oziqlanish va chaqaloq immun tizimi haqida batafsil ma’lumotni bu yerda o‘qishingiz mumkin.
Kichkintoy immunitetini qo‘llab-quvvatlash uchun emlashlar
Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan homiladorlik davridagi va boshqa emlashlarni olib, chaqalog‘ingizning immun tizimini qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin — bularga mavsumiy gripp va ko‘kyo‘talga qarshi emlashlar kiradi. Homiladorlik davridagi bu emlashlar sizni ham, chaqalog‘ingizni ham himoya qilishga yordam beradi, chunki immun tizimingiz ishlab chiqargan antitanachalar yo‘ldosh va ko‘krak suti orqali chaqalog‘ingizga ham o‘tadi.
Farzandingiz tug‘ilgach, uni jiddiy bolalik kasalliklaridan himoya qilish uchun JSST tomonidan tavsiya etilgan bolalik davri emlashlarini olganiga ishonch hosil qiling.
Sog‘lom uyqu tartibini shakllantiring
Kattalarda uyqu (yoki uning yetishmasligi) sog‘liqqa, jumladan, immun tizimi faoliyatiga ta’sir qilishini bilamiz. Chaqaloq uchun sog‘lom uyqu tartibini qanday shakllantirish haqida bu yerdan batafsil bilib olishingiz mumkin.
Chaqalog‘ingizning immun tizimi haqida ko‘proq ma’lumot
Tug‘ilishdan oldin va tug‘ilish vaqtida chaqalog‘ingizning immun tizimiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor.
Rivojlangan mamlakatlarda bolalarning kichik bir qismida (3-6%) oziq-ovqat allergiyasi kuzatiladi, Buyuk Britaniyada esa har 6 boladan 1 nafarida ekzema uchraydi.
Kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda tabiiy yo‘l bilan tug‘ilganlarga qaraganda oziq-ovqat allergiyasi va astma rivojlanish ehtimoli yuqoriroqdir. Bu holat tug‘ilish vaqtida onaning ichak bakteriyalari bilan aloqaning kamroq bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, natijada chaqaloq immun tizimining yetilishida o‘zgarishlar yuzaga keladi.
Biroq oziq-ovqat allergiyasi holatlarining juda oz qisminigina bevosita tug‘ilish usulining o‘zi bilan bog‘lash mumkin. Bolalarda allergiya xavfini kamaytiradigan ko‘plab omillar mavjud, jumladan, genetika, uy hayvonlariga ega bo‘lish va aka yoki opaning borligi.